Bekobodda ispaniyalik trening modeli
Akademiyaning tashkil topish tarixi 2019-yilda, “Metallurg” PFK futbol maktabi negizida futbol akademiyasini tashkil etishga qaror qilingan paytdan boshlangan.
Akademiyaning ta’sischisi “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ edi. Mazkur loyiha Bekobod shahar hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, akademiya qurish uchun Sirdaryo sohilidan 5 gektar yer ajratildi. 2019-2020 yillar davomida “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati ko‘magida bu yerda jadal qurilish ishlari boshlandi. Qisqa vaqt ichida sun’iy qoplamali futbol maydoni, kiyim almashtirish, xo‘jalik xonalari qurilib, futbolchilar foydalanishga topshirildi. “Metallurg” markaziy stadioni tribunalari ostida akademiya talabalari uchun yotoqxona va oshxona jihozlandi.
To‘garak barcha o‘quvchilarni zarur futbol anjomlari, jihozlari, liboslari bilan to‘liq ta’minladi. 2021-yilda sun’iy maydon yonida barcha zamonaviy standartlarga javob beradigan tabiiy chimli maydon qurilishi yakunlandi.